SUV ORZUSI: 45 KUN

Katta Farg‘ona kanali qanday qurilgan edi?

Longrid uchun fon musiqa

Katta Farg‘ona kanali rekord muddat - atigi 45 kunda bitkazilgan. Yangi suv yo‘li ortidan keladigan farovon, to‘kin turmush orzusi - mazkur suv havzasini qazish ishlarida jonbozlik ko‘rsatgan yosh-u qarini birlashtirgan asosiy g‘oya bo‘lgan. Zero asosiy daromadi yerdan bo‘lgan xalq uchun suv - aziz ne'mat, hayot manbai edi.

Bugun biz Katta Farg‘ona kanali haqida nimalarni bilamiz? Quyida ushbu savolga javob topishga harakat qildik.

Kanal to‘liq qo‘l mehnati, hashar yo‘li bilan tugallangan unikal gidroinshootdir.

Sobiq O‘zbekiston SSR Kommunistik partiyasi markaziy kengashining kotibi Usmon Yusupovning 1939-yil 3-iyunda qabul qilgan Katta Farg‘ona kanalini qurish haqidagi 896-sonli qarori ishning debochasi bo‘ldi.

Item 1 of 4

Kanal qurilish loyihasi to‘rt oy mobaynida ishlab chiqilgan bo‘lib, qurilish muddati esa 45 kun deb belgilangan. Bu o‘z navbatida, butun ishchi kuchini qurilishga jalb etishni taqozo etgan.

Markazqo‘m tomonidan tasdiqlangan komissiya boshida U.Yusupov, Y.Oxunboboyev, A.Abdurahmonov kabilar turib, qurilish ishlari raisi etib T.Mirzayev tayinlangan.

Farg‘ona kanalini qurish xarajatlari uchun 40 million rubl ajratish belgilangan.  Bu mablag‘ markaz va O‘zbekiston SSR byudjeti o‘rtasida teng taqsimlangan, ya'ni O‘zbekiston byudjeti hisobidan 20 million rubl pul sarflangan. 

1939-yilning 27-iyul kuni erta tongdan Farg‘ona vodiysi bo‘ylab karnay sadolari yangrayverdi - Katta Farg‘ona kanali qurilishi tantanavor ruhda ma'lum qilindi.

Kanal qurilishida ishtirok etish uchun butun respublika, hatto qo‘shni Tojikiston va Qirg‘izistondan ham ko‘ngilli hasharchilar "oqib" keldi. Jumladan, arxiv manbalariga ko‘ra, Tojikiston SSRdan 120 ming odam, jami 300 mingdan ortiq hasharchi qatnashgan.  

1-avgust kuni kanal trassasida160 ming kolxozchi qazish ishlarini boshlab yubordi. Bundan tashqari, mehnatkashlarga tibbiy yordam ko‘rsatish uchun O‘zbekistondan 704 shifokor va olib borilayotgan ishlarni to‘xtovsiz yoritib borish uchun 1072 nafar aloqa xodimlari ham jalb etilgan. 

Ish kunlarining birida. Erkak-ayol teng ishlamoqda. Texnika ham, odamlar ham tinim bilmaydi.

Texnik qism va ishchilar tarkibi:

270 kilometrli kanalning qazilishida 17 mln m3 tuproq qazib olingan bo‘lib, shundan 1,7 mln m3 , ya’ni 10% tuproq texnika orqali qazib olingan, qolgan 90 foizi qo‘lda chiqarilgan. Texnika imkoniyatlarining kamligi sababli tuproqni tashish va qurilish materiallarini olib kelish  uchun 12 mingga yaqin arava va 7000dan ortiq to‘rt g‘ildirakli aravalardan foydalanilgan.

Bu olamshumul qurilishga 3000 nafar muhandis-texniklar, eng yaxshi irrigatorlar, professorlar va beton quyuvchilar jalb qilingan.

Qurilishga ayollar va erkaklar bir xil jalb etilgan. Har bir odamga 2 m3, ya’ni 2 tonnaga yaqin tuproq qazib chiqarish kunlik me’yori belgilab qo‘yilgan. 40 ming ayol-qiz ishlash istagini bildirishgan.

Kanal yoqasida kun ham, tun ham bir...

Kanal qurilishida qatnashgan oltiariqlik Salimaxon ayaning xotirlashicha, “Tuproq ortilgan etaklarni erkag-u xotinlar tepalikka olib chiqar edik. Tuproqni qopga solib, tepalikka tashiyotgan odamlarning kiyimlari qop ishqalanaverganidan yirtilib ketardi. Ish ko‘payib ketganida uyga kelmay, kanal yoqasida yotib qolgan kunlarimiz ham ko‘p bo‘lgan”.
UzA

Kanal  Oʻzbekiston (283 km), Tojikiston (62 km) va Qirgʻiziston (13 km) hududlaridan o’tadi. Vodiyni shimoli-sharqdan janubi-gʻarbga kesib oʻtgan. Asosiy oʻzani uzunligi 350 km. Vegetatsiya davrida suvni  Norin (420 m3/s), Qoradaryo (100 m3/s), Soʻx (12 m3/s) daryolaridan 532 m3/s oladi.

Kanal trassasi 2 traktdan iborat. Yuqori Norin trakti (44 km) Norin daryosi (Uchqoʻrgʻon shahri yaqini)dan boshlanib, Kuyganyorgacha yetib boradi.

Quyi Qoradaryo trakti (301 km) Qoradaryoga qurilgan Kuyganyor toʻgʻonidan boshlanib, Sirdaryo bilan deyarli parallel tarzda Tojikiston Respublikasi Xoʻjand shahri yaqinigacha (Qayroqqum suv omboridan quyiroqda) davom etgan.

Kanal uzunligi dastlab 280 kilometr, uzunligi va eni 25-30 metrni tashkil etgan.  1940-yilning oxirida kanal qurilishi yakunlanganda uning uzunligi 358 kilometrgacha cho‘zilgan. Ayni paytda “Katta Farg‘ona” kanali O‘zbekiston (283 km), Tojikiston (62 km) hamda Qirg‘iziston (13 km) hududidan o‘tadi.

Qurilish ishlari qizg’in tus olgan paytda ishga yig’ilganlar ertalabdan badantarbiya mashqlarini bajarishgan.

Kun davomida ishchilarning ruhiyatini, kayfiyatini doimiy ko’tarib turish maqsadida 1850 ta madaniyat xodimlari, jumladan, Tamaraxonim, Xalima Nosirova kabi el suygan san’atkorlar konsertlar qo’yishgan, turli namoyishlarni amalga oshirishgan.

Ma'lumotlarga ko'ra, 2686 marta konsert hamda 1500 marta kinoseanslar uyushtirilgan. Suratlardan kun davomida odamlarning charchab qolmasligi, ruhiyati tushmasligi uchun ish ayni avjida ketayotgan bir pallada ishchilar teppasida sozandalarning kuy chalayotgani, axborot xodimlarining gazetadan yangilik o‘qib turganligi ko'rinadi.

Qurilish davri mobaynida tashviqot va radio markazlari, kutubxonalar hamda gazetalarda kundalik ishlar: qaysi qurilish uchastkasining ildamlab ketganligi yoki orta qolayotganligi, qahramon ishchilar, oila a’zolari bilan birgalikda xizmat qilayotgan ishchilar to‘g‘risida muntazam yoritib borilgan.

“Qorning to‘yishini xohlasang, Farg‘ona kanali qurilishiga bor”

Loyiha muhandisi va boshqa rahbarlarga maosh to‘langan bo‘lsa-da, ishchi-dehqonlar pul olmay ishlagan. Maosh o‘rniga kunlik, ya’ni 2 tonnaga yaqin tuproqni qazigani uchun non va boshqa oziq-ovqat mahsulotlarini berish nazarda tutilgan. Bu mahsulotlar asosan Farg‘ona kanalini qazishda ishlagan odamlarning oila a’zolari, keksa ota-onasi yoki ayoli va bolalariga berilgan. O‘sha yillari odamlar orasida: “Qorning to‘yishini xohlasang, Farg‘ona kanali qurilishiga bor”, degan gaplar behudaga tarqalmagan. 
Muhayyo Sirojiddinova, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Tarix instituti bosh ilmiy xodimi

Katta Fargona kanalining 50 yilligiga bagishlab “Hayot tomiri” nomli video film ishlangan.

Ishning so‘nggi kuni

Nihoyat qurilish ishlari yakuniga yetib, minglab odamlar suvni kutib olish uchun bayramona kayfiyatda kanal bo‘yiga chiqishdi.

XX asrning eng yirik gidroinshootlaridan hisoblangan Katta Farg‘ona magistral kanali o‘zbek xalqining birdamligi, fidoyiligi ramzi sifatida tarix kitoblaridan joy oldi. Hozirda suv havzasiga Usmon Yusupov nomi berilgan.

Item 1 of 7

Ijodiy guruh:

Mualliflar: Azizabonu JALOLIDDINOVA, Nodira SULAYMONOVA

Muharrirlar: Gulnoza NAJMIDDINOVA, Iroda NASIMOVA (O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti qoshidagi "Zarra" vizual tadqiqotlar va multimediaviy loyihalar ilmiy-amaliy laboratoriyasi )

Koordinator: Nozima MURATOVA (Media tadqiqotlar va ta'lim ishlanmalari markazi - "MediaDataLab")

Longridda O'zbekiston Kinofotofono hujjatlari Milliy arxivi hamda Youtube videoxostingi materiallaridan foydalanildi.

Mazkur material AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) ning Mintaqaviy suv resurslari va atrof-muhit loyihasi ko‘magida Media tadqiqotlar va ta’lim ishlanmalari markazi - "MediaDataLab" ning “Zamonaviy media makonda suv mavzusi: vizual kontent yaratish orqali yoshlarda suv resurslariga oqilona munosabatni shakllantirish” loyihasi doirasida tayyorlandi.

Longrid AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) orqali ko’rsatilgan Amerika xalqining ko’magi bilan e'lon qilindi

Ushbu vebsaytning mazmuniga Media tadqiqotlar va ta´lim ishlanmalari markazi - "MediaDataLab" mas'ul bo’lib, u USAID yoki AQSH hukumatining rasmiy nuqtayi nazarini aks ettirmaydi.